Yangiliklar
SEMINAR TASHKIL ETILDI
1-avgust 2024-yilXabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan joriy yilning 7- iyun kuni “Marshall Cavendish Education” tashkiloti bilan hamkorlikda “Muvaffaqiyatli islohotlar – yuqori natijalar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etilgan edi.
Konferensiyani o‘tkazishdan asosiy maqsad, O‘zbekistonda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni tizimli isloh qilish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, keyingi yillarda mamlakatimizning xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturlari reytingi bo‘yicha jahonning ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishiga erishish, uzluksiz ta’lim tizimi mazmunini sifat jihatidan yangilash, o‘qitish metodikasini takomillashtirish, O‘zbekistonning xalqaro baholash dasturlaridagi natijalari asosida amalga oshiriladigan islohotlar va mazkur yo‘nalishda xalqaro tajribalarni o‘rganish hamda milliy darajada o‘qitish va ta’lim olish sharoitlarini yaxshilashdan iborat.
Shu bilan birga, tadbir davomida Singapur tajribasi asosida maktab rahbarlari va o‘qituvchilar malakasini oshirish, ularni kasbiy rivojlantirishga doir ilg‘or tajribalarni almashish, o‘quvchilar bilimi va ko‘nikmalarini baholash hamda rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, ta’limni raqamlashtirish bo‘yicha soha mutaxassislarining mavjud bilimlarini yanada oshirish nazarda tutilgan edi.
Konferensiyaning mantiqiy va uzviy davomi sifatida joriy yil avgust oyidan boshlab mazkur treninglarda qatnashgan 400 nafarga yaqin maktab direktorlari (menejerlar), matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchilari (master-trenerlar) salohiyatidan foydalangan holda mamlakatimiz bo‘ylab hududlar, tuman va shaharlar va maktablar darajasida kaskad usulida treninglar davom ettirilishi rejalashtirilgan edi.
Shu ma’noda bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazida seminar tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining maslahatchisi Ulug‘bek Tashkenbayev, A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Qodirbay Bekturdiyev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Oybek Dauletbaev, vazirlik mutaxassislari, tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshliqlari hamda A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti tomonidan tayyorlangan reja dasturi asosida joriy yilning iyul oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan treninglarda ishtirok etgan 5 nafar koordinator, 17 nafar trener ishtirok etdi.
➖ta’limda ko’zda tutilgan islohotlarni amalga oshirishda maktab rahbariyatining o’rni,
➖ ustozlarning kasbiy rivojlanishini qo’llab-quvvatlash,
➖islohotlar mazmunini maktab jamoasiga yetkazish, ta’limda menejmentni rivojlantirish,
➖ta’lim muassasasidagi muhitni yaxshilash haqida so’z bordi.
Shuningdek, qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilanib olindi.