Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

Nukus shahar 22-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirilib o‘qitiladigan sinfi bor maktabning “Ifodali o‘qish” to‘garagining faoliyati bilan tanishing

3-may 2024-yil
image

Ta’lim va tarbiya jarayonlari o‘quvchi-yoshlarimizning ongli faoliyatini to‘la qamrab olishi zarur. Albatta, tarbiyaviy ishlar o‘z-o‘zicha amalga oshib qolmaydi. Bunda uzviylik uzluksizlik, muntazamlik asosiy tayanch nuqtalari bo‘lib xizmat qiladi.

Buyuk mutafakkir adibimiz Alisher Navoiy iqtidorli yoshlar tarbiyasiga e’tiborsizlik jamiyatning katta nuqsoni bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirib, shunday degan edilar: «Qobilga tarbiyat qilmoq zulmdur va noqobilga tarbiyat — xayf. Ani adami tarbiyat (tarbiya qilmaslik) birla zoe’ qilma va munga tarbiyatingni zoe’ qilma».

Barkamol avlodni tarbiyalashda faqat o‘quv materiallarining o‘zi, dars jarayonigina kifoya emas. Ularning darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini oqilona tarzda tashkil etish ham nihoyatda muhim va alohida dolzarblikka ega. To‘garaklar xuddi mana shu kemtiklikni to‘ldirishi bilan e’tiborlidir. To‘garak ishlari o‘quvchilarga qo‘shimcha ta’lim berishning shakllaridan biri bo‘lib, turli yo‘nalishlardagi to‘garaklar, seksiyalarni tashkil etishni nazarda tutadi. To‘garak ishlari darsdan tashqari vaqtlarda tashkil etiladi. Ular ta’lim muassasaslarida, shuningdek, qo‘shimcha ta’lim muassassalarida (bolalarning ijodiy uylari, madaniyat uylari, klublar v.b.) tashkil etilishi mumkin. To‘garaklarning rang-barang shakl va ko‘rinishlari mavjud. Ularni asosan fan, badiiy-estetik, texnik, tabiatshunoslik, sport-sog‘lomlashtirish, havaskorlik va boshqa to‘garaklarga ajratish mumkin.

Umumta’lim maktablarida tashkil etiladigan fan to‘garaklari o‘quvchilarning sinfda egallagan bilimlarini mustahkamlash bilan birga, ularning ijodiy qobiliyatlarini har tomonlama kamol toptirishga xizmat qiladi.

Maktabimizda o‘quvchilarning ta’lim olishiga qo‘shimcha sharoit yaratish, darsdan bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tashkil etilgan fan to‘garaklari o‘quvchilarning barkamol kamol topishiga, o‘sib kelayotgan avlodning ijodiy qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirishga, o‘quvchilarga mehnatsevarlikni singdirishga, shuningdek, ularning bo‘sh vaqtidan oqilona foydalanishga yo‘naltirilgan. Bu fan to‘garaklarining asosiy vazifasi esa o‘quvchi yoshlarga qo‘shimcha ta’lim va tarbiya berish bilan birga ularning bo‘sh vaqtini sermazmun  o‘tkazish, yoshlarning  ongiga  milliy  g‘oya  va  vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirishdan iboratdir. 

Shuning uchun ham maktabimizda men rahbarlik qiluvchi  “Ifodali o‘qish”  to‘garagi o‘z faoliyati davomida o‘quvchilarning nafaqat o‘zbek tili, balki o‘zbek adabiyotidan  ham bahramand  bo‘lgan  holda amalda badiiy asarni tahlil qilish, o‘quvchilarning og‘zaki va yozma nutq malakalarini takomillashtirib borish, o‘zbek tili  darslarining tarbiyaviy ta’sirini oshirish, mustaqil ijodiy fikrlash qobiliyati, kitobxonlik madaniyatini kamol toptirishga o‘rgatishdan iborat.

Ma’naviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda muzeylarning o‘rni nihoyatda beqiyos. Zero, muzeylarda saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak ma’naviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, e’zoz va muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini ham shakllantiradi. Ayni shu jihatlarni e’tiborga olgan holda to‘garak a’zolarimiz bilan birgalikda poytaxtimizdagi Qoraqalpog‘iston tarixi va madaniyati davlat muzeyiga sayohat tashkil qildik.  

Ta’kidlash joizki, bu kabi ekskursiyalar yosh avlodga ma’naviy ozuqa berish hamda ularda vatanga muhabbat, ajdodlarga, tariximizga bo‘lgan faxr tuyg‘ularini oshirishda muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularda Vatanga sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida Milliy gvardiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi mintaqaviy o‘quv markazi xodimlari tomonidan tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir  “Ochiq eshiklar kuni”ga to‘garagimiz a’zolari bilan birgalikda faol ishtirok etdik. Bu tadbirda to‘garak a’zolariga o‘quv markazi faoliyati, kutubxona, qo‘riqlash xizmati afzalliklari, tez tibbiy yordam ko‘rsatish hamda ot sporti bo‘yicha mahorat darslari o‘rgatildi. Shuningdek, Mintaqaviy o‘quv markazi bo‘linma boshlig‘i psixolog mayor R. Tileumuratov tomonidan “Yoshlarning erkin fikrlarini yuritishda yuzaga keladigan muammolar” mavzusida psixologik trening tashkil etildi. Ushbu tadbir mobaynida to‘garak a’zolari Milliy gvardiya tizimi va o‘quv markazi haqida kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. 

Eleonora Aytmuratova

Nukus shahar 22-sonli ayrim fanlar chuqurlashtirilib o‘qitiladigan sinfi bor maktabning oliy toifali o‘zbek tili        fani o‘qituvchisi

kor_kxtv@xtv.uz
@QRmshmb
@kkeduuz
/qrmshbm