Sayt test rejimida ishlamoqda

Yangiliklar

.

10-SONLI MAKTABDA O'TKAZILGAN SAVODXONLIK BAYRAMIDA O'QUVCHILAR O'Z IQTIDORLARINI NAMOYON ETDILAR

27-dekabr 2022-yil
image

Amudaryo tuman Xalq ta'limi bo'limi tasarrufidagi umumta'lim maktablarining 1-sinf o'quvchilari uchun Savodxonlik bayramlari bo'lib o'tti.

Ushbu tadbirni o'tkazishdan maqsad – 1-sinf o'quvchilarining o'quv yilining birinchi yarmida o'rgangan bilim va ko'nikmalari, maktab mulkini ko'z qorachig'idek asrash, maktab o'quvchisining odob-axloq qoidalariga amal qilish, maktabda va oilada, jamoat orasida o'zini tutishi bo'yicha qay darajada tushunchalarga ega bo'lganliklari, shu bilan birga “Alifbe”ni o'zlashtirish darajasiga baho berishdan iborat.

Ana shunday bayram tadbiri 10-sonli umumta'lim maktabida ham o'tkazildi. Savodxonlik bayrami bo'lib o'tadigan xona o'quvchilarning 4 oy davomida o'rgangan bilim va ko'nikmalarini o'zida mujassam etgan suratli-lavhalar, o'quvchilarning rasm darsida chizgan suratlari, tabiat manzaralari, yilimizning to'rt fasli haqida hikoya qiluvchi plakatlar, eng a'lochi o'quvchilarning xusnixat daftarlari, sharlar va gullar bilan bezatildi.

Tadbirda maktabning 1-“A” va 1-“B” sinf o'quvchilari ustozlari Rayhon Tursunboeva va Umida O'rozimbetovalar bilan birgalikda o'quv yilining birinchi yarmida o'zlari o'rgangan bilim va ko'nikmalarini namoyish etishdi.

Xususan, har bir o'quvchi “Alifbe” tartibidagi harf va tovushlar timsolida davraga chiqishib, harf va tovushlarni ta'riflab berdilar. Matematika fanidan olgan bilimlarini raqamlar vositasida ko'rsatishib, qiziqarli matematik amallarni – sonlarni yoddan qo'shish, ayirish va ko'paytirish, misol va masalalarni bajarishdi. Hatto karra jadvalini yodlashning uddasidan chiqqan eng a'lochi o'quvchilar o'z qobiliyatlari bilan Savodxonlik bayramiga tashrif buyurgan ota-onalarini xursand qildilar.

Shundan so'ng, o'qishni o'rgangan, turli mavzularda she’rlar yodlagan o'quvchilar “Yulduzcha”, “Tomchi”, “Tulpor”, “Eshmat o'g'li Mamajon” quvnoq qo'shiqlarini birgalikda kuylashib, raqslar ijro etishdi. O'qishni o'rgangan bolajonlar tadbir davomida “Alifbe” kitobi bilan xayrlashib, Ona tili va O'qish kitoblarini qabul qilib olishdi hamda bayramga tashrif buyurgan ota-onalari hamda ustozlariga yangi-yangi ilm sirlarini egallashga, yaxshi o'qib, mustaqil O'zbekistonimizga munosib, vatanparvar farzandlar bo'lib voyaga etishga so'z berdilar.

Bolajonlarning biri-biridan quvnoq qo'shiq va raqslari, ona, tinchlik, ustoz, Vatan, do'stlik haqidagi jarangdor she’rlari tadbir ishtirokchilari bo'lgan ota-onalar va ustozlariga zavq-shavq bag'ishladi. Ayniqsa, ota-onalar o'qishni o'rgangan farzandlarining yutuqlaridan mamnun bo'lishib, ularni chin dildan tabrikladilar.

Savodxonlik bayrami yakunida 1-“A” va 1-“B” sinflar rahbarlari Umida O'rozimbetova va Rayhon Tursunboevalar o'quvchilarga o'z sovg'alarini berdilar.

Bilimdonlik, epchillik xislatlarini, o'zlarining qobiliyat va iqtidorlarini namoyon etgan, o'qishni o'rgangan, bilimga chanqoq, intiluvchan o'quvchilardan barcha mamnun bo'ldi.

Robiya YO'LDOShEVA.

kor_kxtv@xtv.uz
@QRmshmb
@kkeduuz
/qrmshbm